YuNISEF bolalar va o‘smirlar uchun eng xavfsiz muhit bo‘lishi kerak bo‘lgan maktab yoki uyda zo‘ravonlikka uchrashi bilan bog‘liq ma’lumotlarni o‘zida aks ettirgan yangi ma’ruzasini taqdim etdi, deb xabar beradi “TASS”.

4593949-680x436Foto: “TASS”

Ekspertlarning hisob-kitobiga ko‘ra, butun dunyoda har yetti daqiqada bir nafar o‘smir zo‘ravonlik qurboni bo‘ladi.

Qayd etilishicha, har yili 300 millionga yaqin ikki yoshdan to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘zlari uchun qonunan javobgar shaxslar tomonidan ruhiy va jismoniy tajovuzga uchraydi.

O‘tib borayotgan yilda 15 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan to‘qqiz million nafar qiz jinsiy tegajog‘lik qurboni bo‘lgan. Biroq, mazkur statistikaning haqiqiy soni yanada ko‘proq bo‘lishi mumkin, sababi jabrlanuvchilarning bir foizigina yordam so‘rab murojaat qiladi.

Maktab yoshidagi bolalarning taxminan yarmi jismoniy jazo qonun bilan taqiqlanmagan davlatlarda yashaydi.

Jismoniy jazo qonunan bekor qilingan davlatlar 60 ta, MDH davlatlaridan Ukraina, Moldova, Turkmanistonda mazkur tartib joriy etilgan.

AQSh maktablarda qurolli jinoyatlar soni bilan jahonda yetakchilik qiladi.

“Butun dunyoda bolalar duchor bo‘layotgan zo‘ravonlik hajmi qo‘rqinchli darajada keng. Go‘daklarni yuziga urishadi, yosh o‘g‘il va qiz bolalarni zo‘rlashadi, o‘smirlar esa tengdoshlari tomonidan o‘ldiriladi. Bolalarga qarshi zo‘ravonlik chegara bilmaydi va hech kim bundan chetda turolmaydi”, — deydi YuNISEFning bolalarni himoya qilish bo‘limi boshlig‘i Kornelius Uilyams.